Product Summery
O'zbekistonning tavalludida doyalikni Lenin emas, musulmon ziyolilar qilgan. Putin Ukrainaning isyonchi viloyatlarini mustaqil davlat sifatida tan olayotganida qiziq argument keltirdi: Ukrainani bolsheviklar tashkil qilgan, bu sun'iy davlatning me'mori Lenindir. Ukrainlar dekommunizatsiya (Rossiya ta'siridan holi bo'lish!) qilmoqchimi, demak kommunistlar ularga bergan hududlar endi ularniki emas. Xuddi shu mutlaqo asossiz va tarixiy faktlarga zid da'voni rus neo-imperialistlari har qaysi boshqa post-sovet davlatiga, jumladan O'zbekistonga qarshi ham keltirish mumkin. Eng achinarlisi, bu iddaoni o'zimizning qorako'zlar ham takrorlab yuribdi. O'zbekistonni Lenin (yoki Stalin) tashkil etmagan. Zamonaviy o'zbek millati bu mahalliy musulmon modernist ziyolilari bo'lmish jadidlarning tasavvuridagi millat. Ushbu ziyolilar bilan bolsheviklar o‘rtasida ko‘pgina mushtarakliklar mavjud, lekin bu ikki harakatning mantig‘i hamda davlat kuchining talablari tamomila farqli edi. Oxir-oqibat o‘zbek ziyolilari – inqilobdan avvalgi avlod ham, hukumatning ilk somelari ham bolsheviklarning qurboniga aylandi. 1924-yili vujudga kelgan zamonaviy O‘zbekiston juda ko‘p jihatdan jadidlarning mangu merosi bo‘lib qoldi. Undan ham muhimi, O‘zbekistonning tashkil topishi millat sifatida siyosiy uyushish, mutaraqqiylikning sharti va kafili degan jadid maslagining g‘alabasi edi. Bu jarayon aynan qanday kechgani "Akademnashr" shu kunlarda sotuvga chiqargan «O‘zbekiston tavalludi» kitobida batafsil yoritilgan. Kitob 1918-1939-yil voqealarini qamrab olgan. 12 bo‘limdan iborat. Professor Adib Xolidning xulosalari Markaziy Osiyodagi ko’plab ziyolilar, mahalliy va xorijiy mintaqashunos va tarixchilarning shu kungacha qilgan analizlaridan farqli. Lekin muallif o’z tahlilida qat’iy.